
O‘zining boy tarixiga ega bo‘lgan har bir millat madaniyatida, san’atida, ijtimoiy munosabatlarida o‘ziga xos madaniy kodlar mavjuddir. O‘zbekiston me’morchiligi “kod”i — takrorlanuvchi rang, shakl, naqsh va makon hamohangligidan tashkil topgan jonli tizimdir. Bu kodning ildiz elementlari: g‘isht va ganch, chuqur o‘ymali yog‘och ustunlar; ravoq, peshtoq, gumbaz; girih geometriyasi, kufiy hamda nasx yozuv uslublari va hovli–ayvon kompozitsiyasidir. 2025-yil Osaka EXPO’dagi O‘zbekiston pavilioni esa ushbu me’moriy kodni zamonaviy talqinda global sahnaga olib chiqdi.
Xiva Juma masjidi — yog‘och ustunli yopiq makon.
Ichan qal’adagi Juma masjidi Markaziy Osiyo iqlimi uchun mo‘ljallangan yopiq hovlili jome’ tipologiyasining betakror namunasidir. Uning boshqa masjidlardan farqi yopiq, koʻp ustunli hamda hovlisiz qilib qurilganligidadir. Bino ichi shiftdagi ikki maxsus tuynuk orqali yoritiladi. Masjid minorasining balandligi 42 metr bo‘lib, uni 212 ta (ayrim manbalarda 213 ta) ustun koʻtarib turadi. Bu ustunlarning eng qadimiysi Xorazmning oʻrta asrlardagi poytaxti Kat shahridan olingan boʻlishi mumkin. Mutaxassislar ustunlarning 25 tasi X–XVI asrlarga oid qadimiy namunalar ekani, hatto X–XI asrlarga tegishli to‘rt ustun alohida qiymatga egaligini ta’kidlashadi. Juma masjidini turli davr ustunlari jamlangan o‘ziga xos “yodgorliklar palimpsesti” deyish mumkin. Shu bois Osaka shahridagi “Bilimlar bog‘i” pavilionini ham me’moriy, ham semantik ildizi Juma masjidi yodgorligi bilan uzviy bog‘lanadi.
Poyi Kalon va Registon ansambllari
Poyi Kalon ansambli — Minorayi Kalon, Kalon masjidi va Mir Arab madrasasidan iborat. Minorai Kalon yoki Buxoro katta minorasi maydondagi eng qadimiy va eng baland binolardan biri hisoblanadi. Uning balandligi 46,5 metr, pastki diametri esa 9 metrni tashkil qiladi. Konstruksiyaning oʻzi konussiomon shaklda qurilgan bo‘lib, bino ajoyib va noodatiy usulda bezatilgan. Uning silindrsimon korpusi tekis va relyefli toshli chiziqlar bilan qoplangan. Ushbu usulning afzalligi shundaki, kun davomida o‘zgarib turuvchi yorugʻlik-soya dinamikasida ham inshoot oʻzining yumaloqligini ochib beradi. Bu esa yurtimizdagi me’moriy kodlarning yana bir yorqin elementi hisoblanadi. Binodagi yorug‘lik manbalari, chuqurliklar, ravoqlar, panjaralar va rangli elementlar orqali kun davomida o‘zgarib turadigan sahnaviy effekt yaratish uslubi ko‘plab tarixiy obidalarda samarali qo‘llanilgan.
Sharqdagi shahar qurilishi sanʼatining eng koʻzga koʻrinarli namunalaridan biri bo‘lgan Registon ansambli betakror me’moriy teatrdir. Ko‘hna ilm o‘chog‘i taʼlim markazi, Sharq shahar qurilishi sanʼatining yuksak namunasi bo‘lgan uch muhtasham majmua — Ulug‘bek (1417–1420), Sherdor (1619–1636), Tillakori (1646–1660) madrasalari geometrik va gulli naqshli mozaika hamda mayolika bilan bezatilgan.
Toshkent modernizmi
1966-yilgi zilziladan so‘ng Toshkent me’moriy jihatdan deyarli qayta qurildi. Modern konstruksiyalar mahalliy naqsh va timsollar bilan sintez qilindi. Toshkent sirki, Chorsu bozori kabi me’moriy loyihalar o‘tgan asr modernizmi durdonasi bo‘lib, ulkan gumbaz ostidagi zamonaviy muhandislik bilan uyg‘unlashtirilgan. Bu obyektlarda gumbaz, panjara, muqarnas va mozaika kabi tarixiy motivlar yangi unsurlar bilan omuxtalashtirilgan. Hozir har ikki bino ham UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga nomzod sifatida ilgari surilmoqda.
Osaka EXPO 2025: “Bilimlar bo‘gi”ning me’moriy kodi
O‘zbekiston pavilioni kontseptsiyasi milliy-me’moriy kodni zamonaviy unsurlar bilan birlashtirib, yangilangan, sayqallangan san’at asari sifatida butun dunyoga tadqim etmoqda. “Bilimlar bog‘i” inshootida yog‘och ustunli yopiq makon, peshtoq o‘qi, gumbaz tektonikasi, panjara va girih naqshlarini — zamonaviy konstruktiv va modulli tizim bilan yagona me’moriy kompozitsiya holiga keltirildi. U Xivadagi Juma masjidi ustunlari, Buxoro va Samarqandagi an’anaviy me’moriy uslublarning sintezlashgan o‘ziga xos namunasi sifatida Kunchiqar mamlakatda qad rostladi. Har bir tashrif buyuruvchi ushbu pavillionda O‘zbekiston milliy-me’moriy uslub va unsurlarini zamonaviy elementlar mushtarakligida ko‘rishlari, o‘tmish, bugun va kelajak aro madaniy sayrga chiqishlari mumkin.