
“Bilimlar bog‘i: Asriy daraxtning navqiron novdalari”
Bilimning me’moriy obidasi
O‘zbekiston — qadimdanoq Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiysi chorrahasida jamlangan bilimlar makoni bo‘lgan. “Bilimlar bog‘i” pavilioni esa XXI asrda bu an’anani barqarorlik va innovatsiya ruhi bilan uyg‘unlashtirib davom ettirmoqda. Bu haqda “Pavilion o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi ko‘prik bo‘lib, dunyo O‘zbekistonning bugunini chuqurroq anglashiga xizmat qiladi", deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva.
“Bilimlar bog‘i” o‘zbek jamiyati misoli madaniyatlar, tillar, tarixiy voqealar va g‘oyalar turfaligining ramziy ko‘rinishidir. U turli zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar bilan birga hunarmandchilik, milliy san’at namoyishlarini ham o‘zida mujassamlashtiradi, xuddi tobora yuksalayotgan O‘zbekiston kabi.
Demografik qudrat tayanchi
O‘zbekiston iqtisodining eng yirik tabiiy boyligi nafaqat oltin va gaz, balki yoshlarining ulkan orzularidir. Bugun O‘zbekiston aholisining 60 % dan ziyodini 30 yoshdan kichik yosh qatlami tashkil qiladi. Bu raqam oddiy statistika emas, balki kelajakni belgilovchi va hamjamiyat e’tibor markazidagi eng katta kapitaldir. Mana shu demografik “yoshlik” davrda kerakli sarmoya va islohotlar amalga oshirilsa, ertangi kunga hozir, malakali va kreativ mehnat kuchiga ega kadrlar yetishib chiqadi. Bu borada O‘zbekiston ta’lim, investitsiyaga qaratilgan qator islohotlarni tadbiq qilmoqda hamda o‘zini dunyoga ochmoqda. “Bilimlar bog‘i” pavilioni ham mana shu o‘zgarishlarning bir nishonasidir.
Ta’lim islohotining zarurati
O‘zbekiston 2030-yilgacha YAIMni ikki baravar oshirib, 200 mlrd AQSh dollariga yetkazishni rejalashtirgan. Bu maqsadga erishish uchun sanoatni modernizatsiya qilish, eksportni kengaytirish va mehnat unumdorligini kamida 50 % ga oshirish lzoim. Qolaversa, mehnat bozoriga sifatli kadrlar yetishtirish uchun bir qancha qaror va farmoyishlar kuchga kirmoqda. Misol uchun, IT sohasiga ixtisoslashgan PDP ekosistemasi 2030-yilgacha 100,000 yosh kadrni 2,000 dollarlik maoshilik mutaxassisga aylantirishni rejalagan. Bu haqda O‘zbekiston respublikasi Prezidentining ham qarori qabul qilingan. Qolaversa, ta’limdagi inklyuzivlik va gender balansni ta’minlash uchun muhim qarorlar ishlab chiqilgan. 2022-yilda ayol-qizlarni ITga o‘qitish maqsadida davlat buyurtmasi asosida qator dasturlar ishga tushirilgan. Loyihaga muvofiq 100 ming nafar qizga Python va blokcheyn bo‘yicha ta’lim olish uchun to‘liq grandlar ajratilgan. Bu kabi davlat dasturlari va tashabbuslari bir necha yil ichida mehnat bozoriga yetuk mutaxassislarni yetishtirish uchun muhim omil hisoblanadi.
Kutuvlar: 2030
2030-yilga kelib yoshlar uchun 1,2 mln yang ish o‘rni yaratish uchun bosqichma-bosqich kerakli qadamlar qo‘yib borilmoqda. Ayni vaqtda texnopark va sanoat zonalarini hududlarda ham tashkil etish, dual ta’lim klasterlari va startap inkubatorlari yaratishga qaratilgan loyihalar amlaga oshirilmoqda. Xalqaro investitsiyalar jalb etilmoqda.
STEM talabalari ulushini 35 % dan 60 % ga ko‘tarish uchun maktablarda STEAM-laboratoriyalar va xalqaro olimpiada markazlari ochilib, talabalar startap ekotizimiga kirishi uchun zaruriy choralar ko‘rilmoqda.
Qizlarning oliy ta’limdagi qamrovi 42 %dan 55 % oshirish maqsad qilingan. Bularning ichiga ayol-qizlarning mehnat bozoridagi ulushini sezilarli oshirish, ayollar uchun maxsus grantlar va onalik ta’tilida masofaviy ishni rag‘batlantirish kabi masalalar kiritilgan.
Kelajak bilimlar laboratoriyasi
2030-yil ostonasida O‘zbekistonning eng muhim vazifasi — yosh avlod potensialini to‘laqonli ochish. Ta’lim islohoti bu jarayonda asosiy boshqaruv mexanizmi bo‘lib xizmat qiladi. Raqamli laboratoriyalardan tortib, Bibi Xonim masjidining 3D modeligacha bo‘lgan har bir innovatsion yondashuv yoshlarning qo‘liga zamonaviy qurol va qadimiy ilhom manbasini tutqazadi. Bugun qo‘yilgan zaruriy va dadil qadamlar ertaga O‘zbekistonni nafaqat mintaqaviy, balki global bilim markaziga aylantiradi. Sababi Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiysi chorrahasida jamlangan chuqur va mustahkam ilm ildizlari kelajak bog‘ining zaxiraviy tayanch nuqtasidir.